Ovozify Labs Muqaddima

Ovozify Labs Muqaddima

Ergashbek2004
Ergashbek2004
December 05, 2025 10:43 AM 35 marta ko'rilgan

Ovozify Labs

Biz — Ovozify Labs jamoasi, O‘zbekistonda sun’iy intellekt va dasturiy injiniring rivojiga hissa qo‘shish maqsadida birlashgan AI dasturchilar guruhimiz. Ushbu maqsadga ikki asosiy yo‘l bilan erishmoqchimiz:

  1. O‘zimiz yaratgan Open source (ochiq manbali) loyihalarni ommaga taqdim etish,
  2. O‘zbek tilida bepul maqolalar chop etish. Taniqli video darslilarni tarjima va dublyaj qilish.

Quyida nima uchun bu ishlar muhim deb o‘ylashimiz va bularni qanday amalga oshirishni rejalashtirganimiz haqida batafsil yozilgan.


O‘zbekistonda Ochiq Manbali Loyihalar

Ingliz tilidagi hamjamiyatda open source (ochiq manbali) loyihalar juda ko‘p. Bu esa yangi g‘oya bilan chiqqan har qanday odam uchun boshlang’ich to‘siqlarini ancha kamaytiradi. Ya’ni, kimdir yaxshi texnik yechimga ehtiyoj sezsa, oylar davomida ma’lumot yig‘ishga yoki model tayyorlashga vaqt sarflamasdan, qisqa vaqt va minimal xarajat evaziga o‘z loyihasining demo-versiyasini ishga tushirishi mumkin.

Afsuski, bizda bunday loyihalar hali juda kam. Bir nechta ochiq loyihalar bor, ammo ularning soni yetarli emas. Agar ochiq manbali o‘zbekcha loyihalar soni oshsa, bu startap ekotizimining tezroq rivojlanishiga, ko‘plab kompaniyalarning oson va tez ish boshlashiga katta yordam beradi.

Shu bois jamoamiz O‘zbek open source (ochiq manba) hamjamiyatiga hissa qo‘shishga qaror qildi. Har ikki haftada o‘zbek tiliga oid open source (ochiq manbali) loyihalarni e’lon qilishni rejalashtirganmiz. Umid qilamizki, bu ishlar o‘zbek tilidagi open source (ochiq manba) loyihalar rivojiga asos yaratadi va bizning modellardan ba’zilari yangi loyihalarning boshlanishiga turtki bo‘ladi.


O‘zbek Tilida Bepul Ta’limiy Materiallar

Ingliz tilida bepul ta’limiy materiallar nihoyatda ko‘p. Eng qimmat universitetlarda o‘qitiladigan darslarning aksariyati aslida internetda bepul mavjud — Youtube videolari, bloglar, maqolalar ko‘rinishida.

O‘zbek tilidagi bepul ta’limiy materiallar soni ham yildan-yilga oshib bormoqda. Youtube’da ko‘plab dasturchilar va muhandislar turli bepul darslar joylamoqda. Biz ham ushbu o‘sishga hissa qo‘shmoqchimiz, lekin boshqacha yondashuv bilan.

Bizning mahsulotlarimizdan biri Avtomatik AI dublyaj ovozify.uz. Biz mashhur o‘quv platformalari va kontent ishlab chiqaruvchilardan — FreeCodeCamp, CS50, 3Blue1Brown va boshqalardan — videolarini bepul dublyaj qilish uchun ruxsat oldik. Endi ularning videolarini o‘zbek tiliga dublyaj qilib, Youtube’ga joylab boramiz. Shuningdek, har bir video uchun qo‘shimcha ma’lumot beruvchi maqolalar ham tayyorlaymiz. Bu maqolalar o‘quvchilarning mavzuni yanada chuqur tushunishiga yordam beradi.

Biz jamiyatimizga foyda keltirishni istaymiz, va agar yaratgan materiallarimizdan hech bo‘lmaganda bitta odam foyda topsa ham, loyihamiz o‘z maqsadiga erishgan deb hisoblaymiz.

Bizni qo‘llab-quvvatlash uchun ijtimoiy tarmoqlarimizga obuna bo‘ling, materiallarimizni boshqalar bilan ulashing. Allohdan niyatlarimizni xayrli qilishini, ishimizda sobitqadamlik ato etishini so‘raymiz.

Oxirgi yangilanish: December 05, 2025